«O’zbekneftgaz» muassisligidagi firma ishchilari 10 oydan beri maosh olmadi

284 mlrd so’mlik asbob-uskuna sotgan tashkilot qarzdorlik botqog’ida? Aybdor kim?

Tahririyatimizga “O’zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi muassisligida tashkil etilgan “Chigil Neft Gaz” MChJ ishchi xodimlari nomidan murojaat kelib tushdi. Unda mazkur firma tomonidan 300 dan ortiq ishchi xizmatchilarga 9-10 oydan beri oylik ish haqlari berilmay kelayotgani haqida ma`lum qilingandi.

KUN.UZ muxbirlari mazkur masalani o’rganish maqsadida 24 oktabr kuni Qarshi shahriga xizmat safari uyushtirdi.

O’rganishlarda aniqlanishicha, 2008 yil may oyida tashkil etilgan mazkur tashkilot dastavval “UzGazOil” MChJ tarkibida geologiya-qidiruv boshqarmasi sifatida faoliyat yuritib, Qashqadaryo viloyati hududida yirik konlarda 2010 yilga qadar belgilangan vazifalarni to’liq bajargan va 10-15 ga yaqin quduq qazib, razvedka ishlarini bajargan. Ammo, keyinroq, moddiy-texnik muammolar paydo bo’lgani, aniqrog’i “ZeroMax” kompaniyasining kasodga uchragani sababli tashkilotni moliyalashtirish to’xtab qolgan. Bu esa, o’sha vaqtlarda 1000 dan ortiq ishchi-xodim ishlagan firma faoliyatiga salbiy ta`sir ko’rsatmay qolmadi, albatta.

Asosiy vazifasi burg’ilash bo’lgan tashkilot xarajatlarni kamaytirish maqsadida ishchilarni qisqartira boshlab, “O’zbekneftgaz” MXKning 2016 yil 14 iyun kuni qabul qilgan qaroriga asosan “Chigil Neft Gaz” MChJga aylantirilgan firmada barcha ish o’rinlari saqlab qolingan.

Shundan so’ng, moliyalashtirish manbaidan mahrum bo’lgan tashkilot o’zida mavjud bo’lgan burg’ilash nasoslari va shunga o’xshash texnika vositalarini “O’zburneftgaz”ga qarashli “Qo’qonparmalash”, “Surxonparmalash”, “Olotneftgaz” va “Qorovulbozorneftgaz” kabi tashkilotlarga ijaraga berish orqali oyiga 150-160 mln so’m daromadga ega bo’lib turgan. Bu esa oylik maoshga yetarli bo’lmagani sababli ish haqlarini berishda belgilangan muddatga amal qilinmagan.

Oylik maoshlarda uzilishlar bo’la boshlagani tufayli ishchi-xodimlar orasida norozilik yuzaga kelib, ular Prezident virtual qabulxonasiga 2016 yil oktabr oyida murojaat qilgan. Oylik muammosini hal etish maqsadida “O’zbekneftgaz” MXK rahbariyati “Sho’rtanneftgaz” MChJ hisobidan moliyaviy yordam sifatida pul ajratib bergan. Buning hisobidan 2016 yil iyun-iyul oyi bo’yicha ish haqlaridagi qarzdorlik yopilgan. Keyinchalik bu muammo yana kun tartibiga chiqa boshlagan.

Buning sababini so’raganimizda, doimiy moliyalashtirish manbaidan mahrum bo’linganini vaj qilib ko’rsatishdi. Tashkilot mulozimlari firma xolding tarkibida bo’lgani sababli “O’zbekneftegaz” rahbariyatiga qish mavsumi yaqinligi, ishchilarga maosh berishda muammolar mavjudligi va boshqa masalalar bilan bir necha bor murojaat qilgan. O’sha vaqtdagi, hozirda sobiq rahbar va bosh buxgalter tomonidan ba`zan yozma, ba`zida og’zaki murojaatlar qilinishi oqibatida yana moliyaviy ko’mak berishga qaror qilingan.

Bundan tashqari “O’zburneftgaz” tasarrufidagi ijara vositasida yig’ilib qolgan “Chigil Neft Gaz”ga tegishli pullarni o’tkazib bergan. O’tgan yil noyabr oyida kelib tushgan pullar lavozim okladlaridan qat`inazar barchaga birdek taqsimlangan.

Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilganidan so’ng, maoshini ololmayotgan ishchi xodimlarning qabulxonalarga murojaatlari ko’paygan va mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbariyati tomonidan mazkur muammolar yuzasidan viloyat va shahar prokuraturalariga tushuntirishlar taqdim etilgan.

Xodimlarning yugur-yugurlari, ishchilarning Bosh vazirning Geologiya, yoqilg’i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari G’ulomjon Ibrohimovga (endilikda sobiq) bir necha marotaba arz qilishlari tufayli “O’zbekneftgaz” vaqti-vaqti bilan pul o’tkazib turganiga qaramay, keyinchalik ishlar yana orqaga keta boshladi. Texnik vositalarni ijaraga olganlar ham ularni qaytargan, buning oqibatida firmaga kelib tushadigan pul miqdori ham kamaygan.

Bu orada “O’zbekneftegaz” MXK avgust oyida “Chigil Neft Gaz” MChJga tegishli va ishlab turgan 12 ta burg’ilash qurilmasi va omborxonada saqlanayotgan burg’ilash chog’ida ehtiyoj tushadigan asbob-uskunalarni “O’zburneftgaz” tasarrufidagi tashkilotlarga sotish bo’yicha maxsus qaror chiqargan. Unga muvofiq, “Chigil Neft Gaz” “Kosonneftgaz” va “Olotneftgaz” qidiruv ekspeditsiyasilari bilan umumiy qiymati 284 mlrd so’mlik oldi-sotdi shartnoma tuzilgan. Unda 15 foizlik oldindan to’lov belgilangan edi. Bu salkam 40 mlrd so’m deganidir. Biroq “O’zbekneftegaz” MXK davlat rahbarining yig’ilishlardan birida neft va ayniqsa gaz konlarini ko’paytirish bo’yicha topshiriqlaridan so’ng, 15 foizlik oldindan to’lovsiz asbob-uskunalarni berish amalga oshirishni iltimos qilgan.

Shundan so’ng, shartnoma sharti bajarilmaganiga qaramay, “Chigil Neft Gaz” MChJga tegishli bo’lgan 5 mlrd so’mlik asbob-uskunalar tashkilot omborxonasidan “Kosonneftgaz” qidiruv ekspeditsiyasiga berib yuborilgan. Keyinroq 6 ta burg’ilash uskunasi “Olotneftgaz”ga taqdim etilgan.

Mustaqillik bayrami arafasida 4 mlrd so’mdan ortiq daromad manbai paydo bo’lganidan so’ng, avgust oyida bir amallab “O’zbekneftegaz” MXK mulozimlaridan biri O.Rustamov qabullariga kirilib, maktab oldi mavsumi ekani, yirik bayramlar yaqinlashayotgani tushuntirilgan va 1 mlrd 862 mln so’m pul olishga erishilgan. Pul tushishi bilan har bir ishchiga berilmagan bir necha oylik maoshlari hisobidan bir xil summada 2 mln 480 ming so’mdan pul o’tkazib berilgan.

Shundan so’ng, sentabr oyida ham aslida tashkilotga tegishli bo’lgan pullarini yalinib-yolvorib so’rash jarayoni davom etgan va 4 oktabrda, shunda ham “O’zburneftgaz”ga zarur bo’lgan jihozlarni berish to’xtatilgandan keyingina 540 mln so’m pul tushirib berilgan.

 

Milliy xolding kompaniya rahbariyati sizlar yaqinda “Sho’rtanneftgaz” tarkibiga kirasizlar, pulni ulardan so’ranglar, degan vaj bilan “Chigil Neft Gaz” asbob-uskunalaridan tushayotgan  pullarining o’z vaqtida o’tkazilishini nazorat qilmagan.

Shu o’rinda savol tug’iladi: 284 mlrd so’mlik asbob-uskunalar oldindan to’lanadigan 15 foizlik to’lovsiz, Milliy xolding kompaniyasi ko’rsatmasi bilan berib yuborganiga qaramay, yana nima uchun pulni ayni xolding tarkibiga kiruvchi va “Chigil Neft Gaz” MChJni o’ziga qo’shib olmagan “Sho’rtanneftgaz”dan  so’rashi kerak?

Qolaversa, Majburiy ijro byurosi 1 mlrd so’mlik soliqni to’lamagan tashkilot rahbari va bosh hisobchisiga nisbatan ma`muriy javobgarlik bo’yicha jarima belgilagan. MChJ vakilining aytishicha, MIB va Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tashkilotdagi iqtisodiy vaziyatdan yaxshi xabardor bo’lgani sababli odamgarchilik qilib, jinoiy ish qo’zg’atgani yo’q.

Shu yerda yana bir qiziq faktga e`tiborni qaratamiz: “Chigil Neft Gaz” debitorlik qarzlarini o’z vaqtida undirganida, bunda yuqori turuvchi “O’zbekneftgaz” MXK yordam berganida hamda boshqa tashkilotlarga sotilgan qurilmalarning qiymatini o’z vaqtida o’tkazilishini ta`minlaganida soliqdan ham ish haqidan ham qarzdorlik allaqachon yopilgan bo’lmasmidi?! Chunki 2017 yil 30 sentabrdagi holatga ko’ra, “Kosonneftgaz” va “Olotneftgaz”ning “Chigil Neft Gaz”dan debitorlik qarzi 8 mldr so’m atrofidagi mablag’ni tashkil etadi. Bu 8 oylik ish haqi va soliq hamda boshqa to’lovlarni to’liq amalga oshirish imkonini taqdim etgan bo’lar edi.

Biz vaziyatni o’rganish uchun borgan 23 oktabrda “Chigil Neft Gaz”ning “Sho’rtanneftgaz” MChJ tarkibiga qo’shilishi bo’yicha “Chigil Neft Gaz”MChJning yagona muassisi hisoblanmish “O’zbekneftegaz” MXKning qarori yetib kelgani, bu bo’yicha majlis ham o’tkazilgani aytildi.

Endilikda, “Sho’rtanneftgaz” MChJ rahbariyati tarkibiga kiruvchi “Chigil Neft Gaz” xodimlarining necha nafari qisqartiriladi, qanchasi ish joyidan mahrum bo’lishini hal qiladi. Bundan tashqari, “Sho’rtanneftgaz” o’z tarkibiga kirayotgan korxonaning debitorlik va kreditorlik qarzlarini yopish bo’yicha barcha mas`uliyatni ham zimmasiga oladi.

Maqolamiz so’nggida O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksidan iqtibos keltirishga qaror qildik. Uning 161-moddasida mehnatga hal to’lash jarayoni tartibga solingan bo’lib, unga ko’ra mehnatga haq to’lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo’lishi mumkin emasligi qayd qilingan. Kodeksning 154-moddasida ish beruvchi o’zining moliyaviy holatidan qat`inazar xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, mazkur Kodeksning 161-moddasida ko’rsatilgan muddatlarda amalga oshirishi belgilangan.

So’ngso’z o’rnida bir mulohaza: Nega “Chigil Neft Gaz” MChJ muassisi bo’lgan “O’zbekneftgaz” MXK bir necha oylardan beri xodimlar maoshini to’lashni paysalga solib kelmoqda. Nima uchun mehnati bilan oilasining qora qozonini qaynatayotgan oddiy fuqaro jabr ko’rishi kerak?

Tekshirishlar vaqtida ma`lum bo’lishicha, bir necha oy mobaynida oylik maoshini ololmagan ishchilarning ayrimlari qo’shimcha daromad manbalari bo’lmagani sababli kommunal, elektr tokidan foydalanganlik va boshqa to’lovlarni o’z vaqtida to’lay olmagani uchun MIB tomonidan jarimaga tortilgan va ularning uylari 5 oydan beri elektr manbaidan uzib qo’yilgan. Xo’sh, bu holat uchun asl javobgarlik kimning zimmasida?

Biz ulardan “nima uchun boshqa ish qidirmayapsizlar?”, deya so’raganimizda, “ketishni ham bilmaymiz, qolishni ham, aniq gap aytishmaganidan so’ng. Qolaversa, umid qilib turibmiz”, degan javobni berishdi.

Endilikda, “Chigil Neft Gaz”ning “Sho’rtanneftgaz” MChJ tarkibiga qo’shilishi bo’yicha qarordan xabar topgan ishchilarning aksariyatida bu umid yanada kuchaygan. Biz ham “Sho’rtanneftgaz” MChJdan “chigil”chilar umidini chippakka chiqarmaslikni va ularning maoshlari bilan bog’liq dolzarb muammoni zudlik bilan birinchi galda hal qilib berishiga ishonch bildirib qolamiz.

 

Manba: KUN