Aka-singil qizigan yog’ va suv ishtirokida «tajriba» o’tkazishdi

Moskva shahridagi xonadonlardan birida aka va singil qizigan yog’ hamda suv ishtirokida tajriba o’tkazib, yong’in sodir etishdi. Bu haqida 31 oktabr kuni «Moskva» shahar yangiliklari agentligi xabar berdi.

Huquq-tartibot organlaridagi manba ma`lumotiga ko’ra, voqea 30 oktabr kuni «Rabochaya» ko’chasida joylashgan uyda ro’y bergan. 24 yoshli aka 22 yoshli singlisi bilan tovaga o’simlik yog’i quyishgan, u qizigach, suv qo’shishgan. Natijada portlash sodir bo’lgan, yong’in boshlangan. Yoshlarda kuyish jarohatlari qayd etilgan.

Ta`kidlanishicha, voqea sodir bo’lgan joyga olti o’t o’chiruvchi va ikki tez yordam mashinasi yo’l olgan. Evakuatsiya o’tkazilmagan.

Bundan avval, oktabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik maktab o’quvchisining qizib turgan yog’ solingan tovaga bir stakan suv quygan «tajribasi» keng tarqalgandi. Unda ham «tajriba» yong’in bilan tugagan edi.

 

Manba: KUN